Harbiylar oilalariga yangi uylar topshirildi

Harbiylar oilalariga yangi uylar topshirildi

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining bir guruh harbiy xizmatchilari oilalariga namunali loyihalar asosida bunyod etilgan yangi uylar topshirildi. 

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, “Yosh chegarachilar” klubi a’zolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov rahnamoligida milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi. Sarhadlarimiz daxlsizligi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini qo‘riqlashdek sharafli vazifani ado etayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash davlatimizning doimiy e’tiborida. Bu harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarda ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. 

Prezidentimizning 2007-yil 14-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 31-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga uzoq muddatli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun yer uchastkalari ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

– Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida harbiy qismimizning sakkiz nafar xizmatchisi qatori menga ham ikki xonali namunaviy uyning kaliti topshirildi, – deydi Otabek Xolliyev. – Bizni yangi xonadon hamda “uy to‘yi” bilan qutlash uchun kelgan yaqinlarimiz bu yerdagi zamonaviy sharoit va imkoniyatlarga havas qilmoqda. Turmush o‘rtog‘im va farzandlarimning quvonchini aytmaysizmi. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban osmonimiz musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishga va’da beramiz. 

Bo‘ka tumanining “O‘zbekiston” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida qad rostlagan ushbu zamonaviy uylar shahar sharoiti va imkoniyatlarini o‘zida mujassam etgan. Bunday turar joylar ayollarning asosiy uy-ro‘zg‘or yumushlarini hovliga chiqmasdan bajarishi va mehmon kutishida qulaylik tug‘diradi. Uylar atrofining obodonlashtirilgani – landshaft dizayni talablari asosida ekilgan mevali va manzarali daraxt hamda turfa gullar kishi ko‘ngliga ajib bir huzur bag‘ishlaydi. Sport maydonchasiga o‘rnatilgan katta-kichik qurilmalarda o‘ynayotgan bolajonlarning quvonchi cheksiz. 

– O‘g‘il uylantirdik, nevara erkaladik, endi bir imorat qurib, uyli-joyli qilsak, deb kampir bilan maslahat qilib yurgan edik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarida shartnoma asosida xizmat qilayotgan Bekzod Hafizovning otasi Abdurasul aka. – Lekin qurilish qilish oson emas. Davlatimiz tomonidan harbiylar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan e’tibor ishimizni yengil qildi. Bu uy nafaqat o‘g‘limga, balki butun oila a’zolarimizga chinakam bayram sovg‘asi bo‘ldi. Prezidentimizning yoshlarga otalarcha mehribonligi sabab mening o‘g‘lim ham o‘z uyiga ega bo‘ldi. Oilasidan, yashash sharoitidan ko‘ngli to‘q harbiylarimiz Vatan himoyasiga yanada sidqidildan yondashadi. 

Tadbirda san’atkorlar tomonidan konsert namoyish etildi. 
 

Ikrom Avvalboyev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA

16:08
Chop qilish

Izoh

Izohlar yo`q. Sizning izohingiz berinchi!